O'qishingiz kerak
Bosh sahifa / Foydali / Yashashdan maqsad nima?

Yashashdan maqsad nima?

Tiriklik mohiyati nima? Inson bu foniy dunyoga nega keladi-yu, nega ketadi? degan savol hayoliga kelmagan odam kam topilsa kerak. Chindan ham hayot mohiyati nimadan iborat?

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan: “Men jin va insonni faqat O’zimga ibodat qilishlari uchun yaratdim” (Zoriyot surasi, 56-oyat).

Bundan chiqdi, Parvardigorimiz bizni ibodat qilish uchun yaratgan. Bu yorug’ olamga kelishimizdan maqsad shu. Agar biz halol-pokiza yashasak, chin insonlarga xos hayot kechirgan, zimmamizdagi vazifani ado etgan bo’lamiz.

Ibodat, deganda faqat namoz, ro’za yoki haj tushunilmaydi. “Ibodat” so’zi “bo’ysunish”, “itoat etish” mazmuniga ega. Allohga itoat etish U Zotga ibodat qilishdir. “Alloh menga halol kasb-kor qilishni buyurgan”, deb peshona teri bilan tirikchilik qilgan odam ham – xuddi namoz o’qigan, ro’za
tutgan kabi – ibodat qilgan bo’ladi.

“Hayotga nega keldim?”, “Yashashdan maqsadim nima?”

deb o’ziga savol beradigan mulohazali inson mana shu oyatdan batafsil javob topadi. Zero, hayot faqat yeb-ichish, maishat qilish, o’yin-kulgiyu yotib-turishdangina iborat emas. Moddiyatga yopishib olib asosiy maqsadni unutib qo’ygan odam oxiratda nadomatga qoladi. Dono xalqimizda “So’nggi pushaymon o’zingga dushman” degan naql bor. Oxiratda attang deb afsuslanishdan yomoni yo’q. Aqlli odam imkon borida, nafas kirib-chiqib turganida umr mazmunini idrok etib, ikki dunyosi uchun kerakli ishlarni qiladi.

E’tibor bersak, hayot son-sanoqsiz tashvishlar, turfa voqealar girdobida ko’z ochib yumguncha o’tib ketadi. Kunlar, oylar, yillar xuddi bir lahza kabi izsiz yo’qoladi. O’tgan umrimizga nazar tashlarkanmiz, undan qandaydir uzuq-yuluq xotiralar qolganini ko’ramiz. Biroq odamlar nima uchundir ana shu haqiqatni – o’limning muqarrarligini o’ylamaslikka urinadilar.

Shunday odamlar bor, “Yeb-ichganing, maishat qilganing qoladi”, deb ko’ngli tusagan ishlarni qiladi, halol-haromning farqiga bormaydi, baxtni faqat to’kin-sochin hayotdan iborat deb biladi. Nahotki odam bolasi dunyoga faqat yeb-ichish, o’yin-kulgi, kayf-safo qilish uchungina kelgan bo’lsa?! Nahotki hazrati insondek mukammal hilqat mana shunday arzimas narsalar uchun yaratilgan bo’lsa?!

Hayot mohiyatini anglash qalbni poklashda, haqiqiy baxt-saodatga erishishda muhim o’rin tutadi. Inson yorug’ olamga nega kelganini bilsa, qalbi toza, ko’ngli pok, yo’li ravon, tolei baland bo’ladi.

Sizga yoqishi mumkin

LiveBooks.uz kitoblar dunyosi. Elektron (apk, pdf, mp3) kitoblar olami.

Har oning baxtdir

Qachon toleyim kularkin? Bu savol barchamizda bo’lishi tabiiy. Savol shu darajada miyamizda o’rnashib qolganki, o’zimizni …

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *